✅2026-yil 18-fevral kuni Shirin shahar Axborot-kutubxona markazida “Yo‘l xaritasi”ning 38-bandida belgilangan “Kitobxon onalar” loyihasini amalga oshirish maqsadida shahardagi ziyoli, faol va rahbar ayollar ishtirokida “Onalar o‘qisa, jamiyat o‘zgaradi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — onalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, oilada mutolaa muhitini shakllantirish hamda farzand tarbiyasida kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.Davra suhbatida Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari D. Umarova hamda Mahallalar uyushmasi raisi N. Usmonovalar so‘zga chiqib, bugungi kunda ayollarning jamiyat hayotidagi faolligi, oilada ma’naviy muhitni mustahkamlashdagi o‘rni haqida fikr bildirdilar. Shuningdek, ular farzand tarbiyasida onaning shaxsiy namunasi muhim ekani, kitob o‘qiydigan ona kitobxon farzandni voyaga yetkazishini alohida ta’kidladilar.
📖Mutasaddilar tomonidan kitobxonlikni rivojlantirish, mahallalarda mutolaa kechalarini tashkil etish, onalar o‘rtasida kitob almashinuvi an’analarini yo‘lga qo‘yish, yoshlarni badiiy va ma’rifiy adabiyotlarga keng jalb etish yuzasidan hayotiy maslahat va amaliy tavsiyalar berildi.
⏩Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan ham fikr-mulohazalar bildirilib, oilada birgalikda kitob o‘qish, farzandlar bilan mutolaa qilishning samarali usullari haqida takliflar ilgari surildi.
🖥Tadbir yakunida faol ishtirok etgan ayollarga minnatdorchilik bildirildi hamda “Kitobxon onalar” loyihasi doirasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. Davra suhbati mazmunli va samimiy ruhda o‘tdi.